2018 yilning 1 oktyabridan avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan qat’iy belgilangan soliq to‘lash tartibi bekor qilinadi. Bu prezidentning Toshkent shahrida investitsion muhitni yaxshilash eksperimenti haqidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Kompaniyalar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda yagona soliq to‘lovi yoki boshqa umumbelgilangan soliqlar to‘lashga o‘tkaziladi. Davlat soliq qo‘mitasi avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning tushumlari to‘liqligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatadi.

Avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash xizmatlari, joylashuvidan qat’i nazar, yuridik shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari soliq organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish imkonini beradigan videokuzatuv va avtomototransport vositalari kirish va chiqish vaqtini qayd etish tizimi bilan jihozlanganda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari farmonda Toshkent shahar hokimining qarori bilan davlat-xususiy sheriklik shartlarida avtomobil yo‘llari bo‘ylab pullik avtomobil to‘xtash joylarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, xususiy investorlarni jalb qilgan holda ko‘p qavatli avtomobil saqlash joylarini qurish dasturlarini tasdiqlash ham ko‘zda tutilgan.

Eng yuqori ijara to‘lovlari va investitsiya majburiyatlarini taklif etgan, asosan yo‘l harakati sohasida innovatsiya loyihalarini amalga oshirishda tajribaga ega tadbirkorlik sub’ektlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida bo‘lgan, shu jumladan, bozorlar va savdo komplekslariga tutash hududlarda joylashgan avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joylarini davlat-xususiy sheriklik shartlarida 10 yilga qadar muddatga ijaraga berish belgilandi.