13 avgust kuni normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida telekommunikatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulanganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etishni ko‘zda tutuvchi hujjat loyihasi e’lon qilingan edi. Yangilik ayrim OAVlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilindi, deya ma’lum qildi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi «Gazeta.uz"ga.

"Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartish (EKIHning 100 barobaridan 300 barobarigacha miqdoridagi jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish) tijoriy asosda xalqaro muzokaralarni tashkil etish bo‘yicha noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan shaxslarga qaratilgan. Gap xalqaro trafikni o‘tkazish haqida ketmoqda", — deyiladi xabarda.

Axborot yoki axborot resurslaridan foydalanishni, shuningdek, buning uchun VPN-tarmoqlar, VPN-kanallarni, proksi-serverlarni shaxsiy maqsadlarda yoki biznes uchun foydalanishni cheklash masalalari ko‘zda tutilayotgani yo‘q, deya qayd etildi vazirlikdan.
«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartish (EKIHning 10 dan 20 barobarigacha, mansabdor shaxslarga — EKIHning 20 dan 50 barobarigacha miqdoridagi jarima va qonunbuzarlik uskunalarini musodara qilish) telekommunikatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulangan shaxslarga qaratilgan. Masalan, telefon aloqasi yoki internetdan tijorat maqsadisiz bepul foydalanish uchun qo‘shnisining telefon liniyasi yoki Wi-Fi tarmog‘iga ulangan shaxslar», — deya izoh berdi vazirlik vakili.
Vazirlikdan prezidentning 3 fevralidagi qaroriga ko‘ra jamoat joylarida bepul Wi-Fi hududlarini tashkil etgan kompaniyalar qator imtiyozlarga ega bo‘lishi eslatib o‘tildi.
«Butun respublika bo‘ylab Wi-Fi hududlari tarqalayotgani munosabati bilan Wi-Fi tarmoqlari egalarini himoya qilish hamda ushbu yo‘nalishdagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni joriy etish zaruriyati paydo bo‘lmoqda», — dedi «Gazeta.uz» suhbatdoshi.