Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov o‘zining Feysbukdagi sahifasi orqali 17−18 avgust kunlari Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga tashrifi dasturini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, bu Tojikiston rahbarining so‘nggi 17 yildagi O‘zbekistonga ilk davlat tashrifidir.

Tojikiston prezidenti Toshkentga 17 avgust kuni tongda keladi. Mustaqillik monumentiga gul qo‘yish marosimidan so‘ng Ko‘ksaroyda davlat rahbarlarining muzokaralari boshlanadi. Muzokaralar avval tor, keyin keng doirada o‘tkaziladi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Kunning ikkinchi yarmida «O‘zekspomarkaz"da Tojikiston mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘ladi. Emomali Rahmon poytaxtdagi «Artel» zavodiga ham tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.

Shu kuni O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlarining ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida o‘tkaziladigan konsertda qatnashishi rejalashtirilgan.

Tojikiston prezidenti 18 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Emomali Rahmon shu kuni Samarqandga tashrif buyurib, diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qiladi.

Allamjonovning yozishiga qaraganda, tashrif davomida dasturga o‘zgarishlar kiritilishi mumkin.