Poytaxtdagi «Milliy» stadioni dushanba kuni qarzdorlik sababli suv va elektr energiyasi ta’minotisiz qoldi. Bu haqda Championat.Asia nashri xabar qildi.

Suv ta’minotining o‘chirilishi oqibatida stadionning bosh maydoni va yana zaxiradagi 4ta tabiiy maydon jiddiy jabr chekmoqda. «Bunyodkor» klubi akademiyasi tarbiyalanuvchilari esa ochiq olovda ovqat tayyorlamoqda, deb yozadi nashr.

Manba: Championat.Asia

Chilonzor tuman Majburiy ijro byurosining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, suv ta’minotidan qarzdorlik 39 mln so‘m bo‘lgani sababli «Suvsoz» korxonasi ta’minotni uzib qo‘ydi.

May oyida esa MIB 53 mln so‘mlik qarzdorlik sababli gazni, dushanba kuni 139 mln so‘mlik qarzdorlik bois elektr energiyasini o‘chirgan edi.

«Biz bir necha marotaba stadion ma’muriyatini ogohlantirdik. Bu iste’mol qilinuvchi resurslar uchun yuz foiz to‘lovni oldindan amalga oshirishi lozim. Bizda debitorlik qarzlari bo‘lmasligi kerak», — dedi byuro vakili.

Ayni paytda stadion chimini sug‘orish uchun suv mashinada olib kelinmoqda. «Ular suvni qayerdandir sotib olib, maydonni sug‘orishayapti. Stadion rahbarining o‘zi bizga svet va suvni o‘chirishimizni aytdi», — deydi Chilonzor tuman MIB boshqarmasi vakili.