Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining yopiq sud majlisi hukmi bilan Marg‘ilondagi Mehribonlik uyining direktor o‘rinbosari S.Usmanovga uzil-kesil 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

S. Usmanov Jinoyat kodeksi 119-moddasi 3-qismining «a» bandi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish)va boshqa moddalar bilan aybdor deb topildi.

Shuningdek, shu sudning boshqa tarkibi tomonidan yopiq sud majlisida Q.Qodirov Jinoyat kodeksi 119-moddasining 4-qismi va boshqa moddalar bilan uzil-kesil 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Avvalroq Mehribonlik uyi mansabdor shaxslari tomonidan sodir qilingan jinoyatlar yuzasidan muassasaning mansabdor shaxslari va xizmatchilariga doir ish yuzasidan hukm chiqarilganligi, shu bilan birga voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi sodir etilgan jinoyatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining yopiq sud majlisida ko‘rilayotganligi ma’lum qilingan edi.