15 avgust kuni O‘zbekiston hukumatining «Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori imzolandi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Facebook-sahifasida ma’lum qildi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarning davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab esa majburiyligi belgilandi.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni belgilashda ularning texnologik jihatdan ishlab chiqarish imkoniyatlari va hududiy joylashuvini (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududida) inobatga olgan holda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini hududlar bo‘yicha shakllantiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan birgalikda maktab formasi savdosini tashkil qilish maqsadida respublikaning har bir tuman (shahar) markazida aholiga qulay joylarda maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shoxobchalarini tashkil etadi hamda ularning joylashish manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, «O‘zstandart» agentligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, Xalq ta’limi vazirligi maktab formasining belgilangan standartlarga, sanitariya qoidalari normalari va gigiyena normativlariga muvofiq sifatli to‘qimachilik mahsulotlaridan tayyorlanishi ustidan nazorat o‘rnatadi.

Qarorda tijorat banklariga aholining maktab formalarini xarid qilishi uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foiz stavkasi bo‘yicha qisqa muddatli (olti oydan kam bo‘lmaydigan) iste’mol kreditlari ajratilishi belgilangan.