Vazirlar Mahkamasining xorijiy diniy ta’lim muassasalarida ta’lim olish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy diniy ta’lim muassasalarida ta’lim olishiga ko‘maklashish bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etildi.

Fuqarolarning xorijiy diniy ta’lim muassasalariga hujjatlar topshirishi, ta’lim olishi va ta’lim muassasalarini tugatganidan keyin ish bilan ta’minlashi yuzasidan tavsiyalar berish va murojattlarni ko‘rib chiqish Maslahat kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shuningdek qarorga muvofiq tavsiya etiladigan xorijiy diniy ta’lim muassasalarining ro‘yxati har yili 1 yanvargacha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlash amaliyoti joriy etildi.

Endilikda xorijiy diniy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita endilikda xorijiy diniy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan fuqarolar bilan doimiy hamkorlik olib boradi va ularga har tomonlama ko‘maklashadi.