Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi 645-son qarori bilan qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Yagona elektron axborot markazi (Markaz) tashkil etilmoqda

U Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda faoliyat yuritadi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilangan:

kontraktatsiya shartnomalari, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratilgan kreditlar, fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilgan resurslarning monitoringini yuritish;

fermer xo‘jaliklariga mineral o‘g‘itlar, YOMMni yetkazib berishning kafolatlangan hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasini yuritish;

tuman hokimining ekin yerlarini uzoq muddatli ijaraga berish to‘g‘risidagi qarori, yer ijara shartnomasi, kontraktatsiya, xizmat ko‘rsatish shartnomalari reyestrini yuritish va h.k.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zpaxtasanoat», «O‘zdonmahsulot», «O‘zagrokimyohimoya», «O‘zneftmahsulot», «O‘zagrotexsanoatxolding», «Agrobank», Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, viloyatlar hokimliklari tuzilgan shartnomalar, ajratilgan kreditlar to‘g‘risidagi barcha zarur axborot Markazga taqdim etilishini ta’minlaydi.

Shuningdek qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun Markaz doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining elektron savdo maydonchasi bepul tashkil etiladi.

Barcha qishloq xo‘jaligi korxonalari — yagona bazada, ish yuritish avtomatlashtiriladi

Joriy yil 1 oktyabrga qadar fermer va dehqon xo‘jaliklari, shuningdek qishloq xo‘jaligi korxonalarining yagona elektron bazasi shakllantiriladi (STIR va kontur kesimida) hamda uning tizimli yangilanib borilishi ta’minlanadi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalari Markaz tizimi orqali elektron ish yuritishga to‘liq o‘tadilar. Hujjatlar elektron raqamli imzo yordamida tasdiqlanadi.

Qishloq xo‘jaligiga AKTni joriy etish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi

Uning asosiy yo‘nalishlari:

yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, uning hajmlari va turlari to‘g‘risida yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish;

qishloq xo‘jaligi sohasida agroonline.uz (Qishloq xo‘jaligi vazirligi), oziq-ovqat.uz («O‘zbekoziqovqatxolding»), agromart.uz (Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi) singari milliy veb-saytlar ishini takomillashtirish;

tayyorlovchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini birja savdolarida elektron axborot tizimlari yordamida sotib olishlarini ta’minlash.