13 avgust kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida profilaktik yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar Bosh boshqarmasi mas’ul xodimi Umid Qurbonov, Milliy olimpiya qo‘mitasi departament bosh mutaxassisi Sardor Toshxo‘jayev, yakkakurash sport turlari federatsiyalari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Profilaktika tadbirida sportchilarni to‘g‘ri yo‘nalishda tarbiyalash, ularning turli qing‘ir yo‘llarga kirib ketishini oldini olish, bu borada sport federatsiyalari va murabbiylar mas’uliyatini oshirish lozimligi qayd etildi.

Sportchida yuzaga keladigan noxush holatlar uchun federatsiyalar va murabbiylar mas’ul ekanligi, bu borada nazoratni yanada kuchaytirish lozimligi aytildi. Bordiyu, kelajakda sportchi bilan bog‘liq noxush holatlar ro‘y beradigan bo‘lsa uni nazorat qilmagan murabbiyning litsenziyasini olib qo‘yish jazosi ham qo‘llanilishi mumkinligi bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Tadbir davomida shuningdek, sportchilar terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganidan so‘ng o‘z holicha tashlab qo‘yish kerak emasligi, ularga murabbiylik bilan shug‘ullanish imkoniyatini yaratib, kelajakda yangidan-yangi chempionlarni tarbiyalash lozimligi aytildi.

Yig‘ilish yakunida tajribali murabbiylar sportchilarni nazoratsiz qoldirish, ma’naviy qoloqlikda tarbiyalash yomon holatlarga sabab bo‘lishi haqida turli voqealarni gapirib berishdi. Ro‘y berishi mumkin bo‘lgan yoqimsiz hodisalarni oldini olish borasida o‘z takliflarini bildirib o‘tishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston erkin kurash terma jamoasi safida bir qator xalqaro musobaqalarda qatnashgan Jamshid Kenjayev «Aurum» tungi klubi qo‘riqchilari bilan mushtlashuv vaqtida pichoqdan olgan jarohati sabab vafot etgandi.