QHTBT portalida Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan «Iste’mol krediti to‘g‘risida"gi qonunga tuzatishlar bo‘yicha qonun loyihasi e’lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, iste’mol krediti jismoniy shaxslarga ularning iste’mol ehtiyojlarini qondirish maqsadida tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olish uchun beriladi. Iste’mol krediti ikki xil shaklda bo‘ladi:

moliyaviy — bank yoki boshqa kredit tashkiloti iste’molchi sotib olgan tovarlar uchun ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchiga pul mablag‘larini o‘tkazadi;

tovar — iste’molchiga sotib olingan tovarlar uchun haqni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tarzida beriladi.

Ishlab chiqilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda quyidagilar nazarda tutilgan:

a) moliyaviy iste’mol kreditini berish qoidalari iste’molchi uchun bajarilgan ishlar haqini to‘lashga tatbiq etiladi. Hozir u sotib olgan tovarlar va xizmatlar haqini to‘lash uchungina rasmiylashtiriladi;

b) iste’mol tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki sotuvchi tashkilotlar bilan bir qatorda yakka tartibdagi tadbirkorlar-ishlab chiqaruvchilar tovar iste’mol kreditini taqdim etishlari mumkin. Shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlab chiqargan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib olish uchun moliyaviy iste’mol kreditlari beriladi;

v) nafaqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarga, balki import tovarlarga ham moliyaviy iste’mol kreditini olish imkoni tug‘iladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.