18−19 avgust kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Bu haqda seshanba kuni Qurbon hayiti bayrami va hashar o‘tkazishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi. Avgust oyi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyi deb e’lon qilindi.

O‘zbekiston Ekologik harakati tashabbusi bilan respublikadagi barcha ko‘ngilochar bog‘larning obodonlashtirilishini ta’minlash maqsadida «Mamlakat obodonlashuvida o‘z hissangni qo‘sh» shiori ostida mamlakat yoshlarining e’tiborini jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Ekoharakat hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. Unda talabalar va oliy o‘quv yurtlari xodimlari ishtirokida bog‘larda o‘tkaziladigan obodonlashtirish ishlari ko‘rsatib o‘tilgan. Bunda ariqlarni tozalash hamda bog‘larda sug‘orish tizimini tiklash, daraxtlarni butalash, hududni chiqindilardan tozalash, shuningdek ekologik tashviqot o‘tkazish ko‘zda tutilgan.