GM Uzbekistan QK narxlar oshirilishi kutilayotgani munosabati bilan avtomobillar savdosini to‘xtatdi, deya xabar qildi O‘zA kompaniya matbuot xizmatiga tayangan holda.

30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida «O‘zavtosanoat» raisi Shavkat Umurzoqov avtomobillar narxlari o‘rtacha 14 foizga oshirilishini ma’lum qilgan edi.

Jamoatchilikning qizg‘in noroziligidan so‘ng kompaniya narxlar 1 avgustdan oshmasligini e’lon qildi.

O‘zA kuzatuvlariga ko‘ra, avtosalonlarda mashina sotib olishga shartnomalar tuzish to‘xtatilgan. Bundan tashqari, avtobozorlarda narxlarning ko‘tarilgani qayd etilmoqda.

«GM Uzbekistan avtomobillari narxlari o‘zgargani yo‘q. 30 iyul kuni Xalqaro press-klubda muhokama qilingan narxlarni oshirish masalasi ayni paytda tegishli tashkilotlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda salbiy va ijobiy oqibatlari hisobga olingan holda har tomonlama o‘rganilmoqda. Narxlarning oshirilishi kutilmoqda, aniq narxlar belgilab olinmagani sababli shartnomalarni imzolash to‘xtatildi», — deyiladi bayonotda.

GM Uzbekistan matbuot xizmati vakili ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan narxlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, chunki yangi narxlar hali belgilanmaganini ma’lum qildi.