Qozog‘istonning Turkiston viloyati hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida hayotdan ko‘z yumgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosi jasadi va jarohatlanganlar mamlakatga olib kelindi. Bu haqda FVV xabar qildi.

13 avgust kuni soat 19:00da Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida jabrlanganlar va halok bo‘lgan fuqaro «Qoplonbek» chegara posti orqali mamlakat hududiga olib kelindi va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markaziga yotqizildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 12 avgust kuni Qozog‘istonning Turkiston viloyati hududida, «Olma-Ota-Toshkent-Termiz» avtomagistralining 786 kilometrida ikki avtomobil Daimer Chrysler 205d mikroavtobusi va «GAZ-53» to‘qnashib ketgan edi.

Natijada bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lib, 10 nafari turli darajadagi tan jarohatlar bilan Turkiston viloyati Saryagash tuman kasalxonasiga yotqizilgandi.