11 avgust kuni 11 avgust kuni Toshkent shahar Yunusobod tuman ma’muriy sudi «Aurum 898» tungi klubining ikki nafar qo‘riqchisiga nisbatan hukm chiqardi, deya xabar berdi O‘zbekiston Oliy sudining rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga.

Vladimir Smirnov (1988 yilda tug‘ilgan) va Ixtiyor Fazliddinov (1988 yilda tug‘ilgan) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasi (militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1 qismi va 195-moddasida (militsiya xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan.

Sud ma’muriy materiallarni har tomonlama va to‘liq o‘rganib, har ikki qo‘riqchiga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq tayinladi.

Eslatib o‘tamiz, 8 avgust kuni «Aurum 898» tungi klubi qo‘riqchilari bilan bo‘lib o‘tgan janjal oqibatida 25 yoshli Jamshid Kenjayev shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Shodali Qilichov (1989 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan), 277-modda (bezorilik) 2-qismida «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Alijon Xamrayev (1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan), Jahongir Yorqulov (1992 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan) va Saidazim Kamoldinov (1994 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan Toshkent shahar Yunusobod tuman prokuraturasining «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqildi va qanoatlantirildi.