Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan xronometraj va tahlil natijalari poytaxtdagi tungi klublarda eng kam hisobda soliq tushumlarini o‘rtacha 4 barobargacha yashirilayotganligi aniqlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

DSQning ma’lum qilishicha, tungi klublarning barchasi yagona soliq to‘lovchisi bo‘lib, ular tomonidan joriy yilning I yarim yilligida byudjetga 1,3 mlrd so‘m yoki oyiga o‘rtacha 226 mln so‘mdan soliq to‘lagan. Aslida esa, tekshiruvlar olti oy davomida haqiqiy tushum 54,2 mlrd so‘mni tashkil etishini ko‘rsatdi.

Korxonalar tomonidan hisobotlarida jami tovar aylanmasi hajmi 13,6 mlrd so‘mni tashkil etgani ko‘rsatilib, oradagi farq summasi 40,6 mlrd so‘mdan iborat. Bu 4,1 mlrd so‘m soliqlar byudjetga to‘lanmadi degani.

Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida har bir tungi maskanlarda mijoz tomonidan bir dona stolni band qilish uchun norasmiy majburiy buyurtma (obyazalovka) mavjudligi aniqlangan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha bir kishi bitta stolni band qilishi uchun 137,4 ming so‘mlik to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.

O‘rindiqlar soni o‘rtacha 50 tadan hisoblanganda, bir kunda 254,2 mln so‘m va bir oy davomida shunday faoliyat amalga oshirilsa 7,6 mlrd so‘m, 6 oy davomida esa 45,7 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bu yana 4,5 mlrd so‘m soliq degani.

Bular hali hammasi emas, hisobotlarida ishlayotgan xodimlarini 10−11 nafardan ko‘rsatgan bo‘lsa, haqiqatda 20−25 tagacha yoki 2 barobarga yashirilmoqda va ularga ham konvertda berilayotgan ish haqiga daromad solig‘i hisoblanadigan bo‘lsa, o‘rtacha 250 mln so‘mga yaqin soliq summalari to‘lanmagani ma’lum bo‘ladi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan barcha sub’ektlarga nisbatan ogohlantirish xatlari yuborilib, nazorat tadbirlari davom ettiriladi.