2018 yil 13 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi.

Majlisda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018 yil 30 martdagi tegishli Qarori asosida Respublika ishchi guruhi tomonidan oilaviy tadbirlarni tartibga solish yuzasidan keng jamoatchilik fikri o‘rganildi.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018 yil 29 iyunda «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida"gi Qarori qabul qilindi.

Boshqa vazifalar bilan birga mazkur qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan joylarda oilaviy tadbirlarni milliy va diniy qadriyatlarimizga mos holda, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliksiz o‘tkazish yuzasidan doimiy monitoring yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish, monitoring natijalari asosida tegishli hududning o‘ziga xos xususiyatlari, urf-odatlari hamda mavjud sharoitlaridan kelib chiqib, oilaviy tadbirlarni namunali o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilib borish nazarda tutilgan.

Qarorda belilangan vazifalarning samarali ijro etilishini ta’minlash maqsadida Senat Kengashining majlisida «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risida"gi Qaror qabul qilindi.

Qaror bilan komissiyalarning namunaviy nizomi va ularning namunaviy tarkibi ham tasdiqlandi.

Unga ko‘ra mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan birgalikda namunali oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, oilaviy tadbirlarni o‘tkazish vaqtida milliy qadriyatlarga zid bo‘lgan marosimlarga, nomaqbul odatlarga va ularning salbiy oqibatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borish, urf-odatlarni mensimaslik, isrofgarchilik holatlarini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish kabi masalalar komissiyalarning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Bundan tashqari, Qarorda mamlakatimizdagi barcha fuqarolar yig‘inlari huzurida oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish belgilandi.

Senat Kengashi o‘z vakolatiga doir boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.