«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatida «Roxi oxani Tojikiston» davlat unitar korxonasi rahbari Komil Mirzoali boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o‘rinbosari Akmal Kamolov ishtirok etdi. Bu haqda AJ matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Tojikiston Respublikasining aksariyat eksport va import tashuvlari O‘zbekiston xududi orqali amalga oshiriladi. Shu bois yig‘ilishda asosiy e’tibor tranzit yuklari olib o‘tishda qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar yaratish bo‘yicha amalga oshirilish lozim bo‘lgan tadbirlarga qaratildi.

O‘zaro suhbat chog‘ida yuk va yo‘lovchi tashishni ko‘paytirish masalalari ham atroflicha muhokama etildi. Olib borilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra Tojikiston yo‘lovchi poyezdlarining O‘zbekiston xududidan o‘tishida 25 foiz chegirmalar taqdim etish, Termiz, Qarshi va Samarqand vokzallarida to‘xtab o‘tish, yo‘lovchilarga namunali xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tadbir so‘nggida maxsus bayonnoma imzolandi.

O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalari o‘rtasidagi 2018−2019 yillardasavdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro ishonchga asoslangan aloqalarni mustahkamlash borasida Yo‘l xaritasi belgilab olingan edi. Qisqa fursatda ushbu reja asosida bir qancha loyihalar hayotga tadbiq etib kelinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining joriy yil 12 mart kuni «O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati Spitamen tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi majmuasini qurish va asbob-uskunalar bilan jihozlash» loyihasini amalga oshirish boshlab yuborildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan barpo etilayotgan ushbu majmua «O‘zshaharsozlikLITI» Davlat unitar korxonasi tomonidan loyihalashtirilgan. Bunyodkorlik ishlari Tojikiston Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi, hukumat qoshidagi arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda So‘g‘d viloyati rahbariyati bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Hozirda qurilish uchun 2,1 gektar maydon ajratilgan bo‘lib, bu yerga «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan barcha zarur texnika va mexanizmlar yetkazilgan. Ayni paytda tuproq ishlari va bo‘lg‘usi inshootning poydevor qismini tiklash bilan bog‘liq ishlar olib borilmoqda. Ushbu jarayon ikki smenada tashkil etilgan bo‘lib, quruvchilar, injener texnik xodimlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

O‘zbekiston va Tojikiston temir yo‘l tarmoqlari o‘rtasida tranzit yuklar tashish, vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish, uni ta’mirlash borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida esa ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi sezilarli darajada oshdi. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, birgina yilning o‘tgan 5 oy davomida mamlakatimizdan temir yo‘l orqali 120,62 ming tonna eksport yuklari tashilgan. Shu davrda Tojikiston Respublikasidan esa 506,31 ming tonna eksport yuklari yetkazilgan bo‘lsa, shuning 174,33 ming tonnasi tranzit yuklariga to‘g‘ri keladi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan qo‘shni davlatga eksport xizmatlari ham ko‘rsatilyapti. Xususan, «O‘ztemiryo‘lmashta’mir» unitar korxonasida Tojikiston Respublikasi temir yo‘llariga qarashli teplovoz va vagon g‘ildiraklarini ta’mirlash bo‘yicha jami 130 813 AQSH dollariga teng shartnomalar imzolangan bo‘lib, bu bo‘yicha buyurtmlar to‘laligicha sifatli etib bajarilgan. Bundan tashqari 2017 yilda davomida «Roxi Oxani Tojikiston» davlat unitar korxonasiga qarashli 100 dan ortiq yuk vagonlarining xizmat muddatini uzaytirish imkoniyatini aniqlash maqsadida «Andijon mexanika zavodi» sho‘’ba korxonasida diagnostika qilindi.

Bu boradagi say’-harakatlarni izchil rivojlantirish, yangi imkoniyatlarni ishga solish, ishonchli hamkorlikni yanada mustahkamlash mazkur tadbirning asosiy mazmuni tashkil etdi. Shuningdek, uchrashuvda lokomotiv va vagonlarni bugungi kun darajasida qayta ta’mirlash, yuk va yo‘lovchi tashish sohasida o‘zaro kelishgan xolda ish olib borish bo‘yicha ham so‘z yuritildi.