9 avgust kuni Nukus shahrida Ichki ishlar vaziri raisligida hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarning yakuniga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Majlisda ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan qator xato va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, ayrim ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolar bilan munosabatlarda noo‘rin xatti-harakatlari, rahbarlarning mas’uliyatsizligi va beparvoligi hamda qo‘l ostidagi xodimlari ustidan kunlik nazoratni lozim darajada olib bormayotganligi oqibatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotganligi qayd etildi.

Shuningdek, ko‘plab joylarda hali jinoyatchilikning tub ildiziga yetib borilmayotganligi, jinoyatlarning asl sabablari o‘rganilmasdan, mahalla, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalaridagi muhokamalar rasmiyatchilik uchungina tashkil etilayotganligi, bu kabi kamchiliklar esa hududda ayrim turdagi jinoyatlar soni oshib, kriminogen vaziyat yomonlashishiga sababchi bo‘layotganligi tanqid qilindi.

Xususan, respublikada joriy yilning yetti oyi mobaynida umumiy jinoyatchilik sezilarli darajada kamaygan bo‘lsada, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, To‘rtko‘l va Chimboy tumanlarida qotillik, Nukus shahri, Taxiatosh, Kegeyli, Nukus, To‘rtko‘l va Chimboy tumanlarida og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari ko‘paygan.

Mahallalarda fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar va ularni o‘z vaqtida bartaraf etish choralari ko‘rilishiga jiddiy va mas’uliyatli yondashilmayotganligi natijasida, joriy yilning yetti oyi mobaynida 4 ta qotillik va 25 ta og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.

To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot, Ellikqal’a tumanlari va Nukus shahrida joriy yilning iyun va iyul oylarining o‘zida sodir etilgan jinoyat qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlar soni keskin oshganligi, Nukus shahri, To‘rtko‘l, Amudaryo, Xo‘jayli, Beruniy va Qo‘ng‘irot tumanlarida ilgari sudlanganlar bilan manzilli profilaktik tadbirlar hamda ularning bandligini ta’minlash choralari talab darajasida olib borilmayotganligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Nukus shahrida Xalqlar do‘stligi, Do‘stlik, Tasliq, Mustaqillik va Qizil qum mahallalarida sodir etilgan jinoyatlar shahar bo‘yicha qayd etilgan jinoyatlarning 25 foizini tashkil etishi, ushbu mahallalar hududida shahar uchun ahamiyatli bo‘lgan xo‘jalik, boshqaruv, ijtimoiy va savdo ob’ektlar joylashgan bo‘lsada, ularni qo‘riqlash sohasida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish amaliyoti susaytirib yuborilganligi Ichki ishlar vaziri tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi.

Majlisda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to‘laqonli anglab yetmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan, hanuz eskicha ish uslubi bilan ishlayotgan, fuqarolarning manfaati yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmayotgan rahbar xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi.

Xususan, xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko‘rmaganligi, faoliyati davomida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelganligi uchun To‘rtko‘l tumani IIB boshlig‘i A.Ilyasov, Nukus shahar va Taxiatosh tumani IIBlari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari A.Artikov va A.Gulimbetov, Nukus shahar, Chimboy va Qorao‘zak tumanlari IIBlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari N.Qdirbayev, R.Paulaniyazov va R.Qalandarov hamda Kegeyli tumani IIB 10-sonli ichki ishlar bo‘linmasi boshlig‘i A.Palibekov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Bundan tashqari, qator rahbarlarga nisbatan turli darajadagi intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.