2018 yil 8 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida «Indorama» kompaniyasi (Singapur) bilan zamonaviy paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 632-son qarori e’lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar tarqatdi.

Qarorga muvofiq, manfaatdor idoralar, shuningdek «Indorama» kompaniyasi (Singapur) (bundan keyin — investor) «Indorama Kokand Textiles» MCHJ QK mavjud quvvatlari asosida va investor tomonidan tashkil etilayotgan yuridik shaxs — operatsion kompaniya (bundan keyin — operatsion kompaniya) 2019−2023 yillarda quyidagi summadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda zamonaviy paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish loyihasini (bundan keyin — loyiha) amalga oshiradilar:

almashlab ekish asosida paxta xom ashyosi, makkajo‘xori, yoxud boshqa ekin yetishtirish maqsadida 225,0 million AQSH dollari;

loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish davrida paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlash va ip kalava ishlab chiqarishni tashkil etish uchun 115,0 million AQSH dollari.

Birinchi bosqichda Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari investorning buyurtmanomalariga ko‘ra 2018 yil 1 noyabrgacha Kasbi, Nishon, Sardoba va Oqoltin tumanlarida quyidagilar belgilangan tartibda ajratib berilishini ta’minlaydilar:

paxta xom ashyosi va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun operatsion kompaniyaga 40,0 ming gektar sug‘oriladigan yerlar;

paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha operatsion kompaniya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontraktatsiya shartnomalarini tuzishlarini ko‘zlab fermer xo‘jaliklariga paxta xom ashyosini yetishtirish uchun 10,0 ming gektar yer maydonlari.

Ikkinchi bosqichda Farg‘ona va Jizzax viloyatlari hokimliklari paxta xom ashyosi va qishloq xo‘jaligi ekinlarining boshqa turlarini yetishtirish uchun yer uchastkalarini ajratib berish to‘g‘risidagi operatsion kompaniyaning takliflarini ko‘rib chiqadilar.

Belgilanishicha, operatsion kompaniya paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchisi hisoblanadi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvardagi «Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 53-son qarori 2, 7 va 13-bandlarining amal qilishi unga nisbatan tatbiq etilmaydi:

paxtadan olingan chigit operatsion kompaniya tomonidan mustaqil ravishda qayta ishlanadi yoki mahsulotni qaytarish asosida yog‘-moy korxonalariga, yog‘-moy mahsulotini keyinchalik birja savdolari orqali realizatsiya qilish sharti bilan, qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha birinchi navbatda, fermer xo‘jaliklariga, shuningdek, boshqa mahalliy iste’molchilarga sotiladi;

qo‘shimcha mahsulotlar (lint, o‘lik paxta va boshqalar) operatsion kompaniya tomonidan mahalliy iste’molchilarga birja savdolari orqali sotiladi;

paxta-to‘qimachilik klasteri doirasida yetishtiriladigan paxta tolasi va texnik chigitlardan faqat respublika korxonalarida ishlab chiqarish maqsadida foydalanilishi kerak.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va investor quyidagilarni majburiy tartibda nazarda tutgan holda bitim tuzadilar:

paxta xom ashyosi hosildorligi oshishini ta’minlash uchun zamonaviy mexanizatsiyalashtirilgan va ilmiy uslubiyatlarni joriy etish;

kamida 1 500 ta yangi ish o‘rni yaratish;

paxta xom ashyosini BCI («Ekologik jihatdan yanada toza paxta uchun») standartlari bo‘yicha yetishtirish, respublikada tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish uchun jahon brendlarini jalb etish, yoxud operatsion kompaniyaga ajratib berilgan yerlarda paxta xom ashyosini yetishtirish bilan bog‘liq hajmlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan tayyor mahsulot sotib olish.