Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov shu kunlarda xizmat safari bilan Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib turibdi. Safar davomida MOQ rahbari Xalqaro Etnosport konfederatsiyasi hamda UNESCO yig‘ilishida ham ishtirok etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilish davomida Turkiya yoshlar va sport vaziri, UNESCO kotibiyati vakili, Butunjahon Etnosport konfederatsiyasi rahbari, shuningdek, maxsus maslahat qo‘mitasi raisi so‘zga chiqdi.

So‘ngra Umid Ahmadjonov Butunjahon Etnosport konfederatsiyasi rahbari, Kamonchilar fondi vasiylik kengashi raisi, Turkiya yoshlar fondi Oliy maslahat kengashi a’zosi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an bilan uchrashdi.

Erdo‘g‘an may oyida yurtimizga tashrif buyurgandi. O‘shanda tomonlar bir qator masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishgandilar. Bugungi uchrashuvda esa tomonlar o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, aloqalarni yanada mustahkamlash, kamondan o‘q otish sport turiga oid bir qator masalalarni muhokama qilishdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari shuningdek kamondan o‘q otish bo‘yicha xalqaro «Fotih kubogi» musobaqasini O‘zbekistonda tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borishi kutilmoqda.