Gurlan tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabi direktori A.Jumanov g‘aroyib maxsus bayonnoma orqali maktabning bir guruh texnik xodimlari: farrosh va qorovullarni bu yerda boshlab yuborilgan joriy ta’mirlash yumushlariga jalb qildi. Direktor bu ish mamlakatimizning amaldagi huquqiy va me’yoriy hujjatlari talablariga zid ekanligini bilsa-da, niyatidan qaytmadi. Natijada, xizmat vazifasi maktab ozodaligini ta’minlash, chor-atrofni supurib-sidirish hamda hududni qo‘riqlashdan iborat bo‘lgan 10 ga yaqin xodimlar xizmat yo‘riqnomasida belgilangan yumushlar bir chetda qolib, ularga daxli bo‘lmagan joriy ta’mirlash ishlari maydoniga yo‘l olishdi. Bu haqda Xorazm viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qahramon Masharipov «Inson va qonun» gazetasiga ma’lumot berdi.

Direktorning qonunga zid harakati tez orada oshkor bo‘ldi. Qonunga zid nomaqbul hujjat o‘z kuchini yo‘qotdi. Direktorning o‘zi esa xodimlarning huquq va erkinligini poymol etgani, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasida ifodasini topgan qoidalarga xilof ravishda ish tutgani uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

Ma’lumot uchun, adliya bo‘limlarining shahar va tuman bo‘g‘inlari faoliyat boshlaganidan buyon o‘tgan qisqa vaqt ichida birgina Xorazm viloyatining o‘zida jami 1700 ta qonun hujjatlari matni davlat boshqaruv organlari hamda boshqa tegishli tashkilotlarga yetkazib berildi.

Joylardagi adliya bo‘limlari boshliqlari hozirning o‘zidayoq tegishli shahar va tumanlarda o‘tayotgan «Hokimlik soatlari"ning doimiy qatnashchilari, huquqiy yo‘riqchi va oqil maslahatchi maqomida namoyon bo‘lishyapti. Noqonuniy tarzda o‘zlashtirilgan bir necha million so‘m miqdoridagi mablag‘ egalariga qaytarildi.

Mazkur bo‘limlarga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan 89 ta murojaat ham puxta o‘rganildi. E’tiborli jihati, bu murojaatlarning 80 foizdan ziyodi asosli, deb topildi va to‘la qanoatlantirildi. Qolganlariga asosli tarzda huquqiy maslahat va yo‘l-yo‘riq berildi.

Adliya bo‘limining amaliy ko‘magidan bahramand bo‘lganlar orasida bog‘otlik fuqaro Pavel Budanov ham bor. U adliya bo‘limi xodimlari tomonidan uyushtirilgan sayyor qabul chog‘ida anchadan buyon ish izlayotganini aytib, bo‘lim rahbariga murojaat qildi. Talab qanoatlantirildi. Budanov o‘ziga maqbul ish o‘rniga ega bo‘ldi.