Yil boshidan buyon sodir etilgan qotilliklarning yarmidan ko‘prog‘i oilaviy munosabatlar yoki qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar natijasida sodir etilgan, deya xabar qildi O‘zA O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining kengaytirilgan qo‘shma majlisi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

7 oyida 277 ta qotillik jinoyatining 116 tasi yoki 42 foizi qarindoshlar, 25 tasi yoki 9 foizi qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida sodir etilgan. Mazkur jinoyatlarning 95 tasi yoki 34,2 foizi er-xotin, aka-uka, ota-o‘g‘il o‘rtasida sodir etilgan.

O‘zAning qayd etishicha, ba’zi hududlarda jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi ayrim jinoyat turlarining soni oshib bormoqda. Jumladan, Andijon, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Jizzax viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonda qasddan odam o‘ldirish, Andijon, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda og‘ir tan jarohati yetkazish, Jizzaxda bosqinchilik, Namangan, Jizzax va Qoraqalpog‘istonda transport vositasini olib qochish jinoyatlari ko‘paygan.

Yig‘ilishda mamlakatdagi kriminogen vaziyatdagi o‘zgarishlar ko‘ngildagidek emasligi ta’kidlandi. «Buning boisi jinoyatchilikning tub ildizini, eng asosiy sabablarini aniqlash o‘rniga ko‘proq uning oqibatlarini bartaraf etish ustida ish olib borilmoqda, jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida hanuzgacha eskicha ishlash uslubidan voz kechilmagan», deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda «Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolat» tizimini amaliyotga tatbiq qilish lozimligi e’tirof etildi. Xususan, ushbu tizim doirasida vakolatli davlat idoralari, mahalla, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Yoshlar ittifoqi tashkilotlari tomonidan jinoyatning tub sabablari va uni keltirib chiqargan barcha shart-sharoitlar o‘rganilib, jinoyat qayta sodir etilmasligi uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi, aybdor shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi tamoyillari asosida qat’iy choralar ko‘rilishi nazarda tutilmoqda.