Rio Olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni Shahram G‘iyosov navbatdagi jangini 17 avgust kuni (Toshkentda 18 avgust) o‘tkazadi. AQSHning Kaliforniya shtatida bo‘lib o‘tadigan jangda unga ganalik Albert Mensa raqiblik qiladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumot uchun, Shahram shu kungacha prof ringda uchta jang o‘tkazgan va ularning har uchchalasida g‘alaba qozongan (2tasi nokaut bilan). Afrikalik bokschi esa 38ta jang o‘tkazib, ularning 31tasida g‘olib bo‘lgan (15tasida raqiblarini nokautga uchratgan). Oltita jangda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, bitta bahsda durangga erishgan.

Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati sovrindori Murodjon Ahmadaliyev 23 avgust kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida chililik Ramon Kontrerasga qarshi ringga ko‘tariladi.

Ma’lumot uchun, Ahmadaliyev bungacha uchta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan (2tasi nokaut bilan). Kontreras esa prof ringda 21 marotaba ringga ko‘tarilib, ularning 15tasida g‘olib bo‘lgan (6tasi nokaut bilan). 6ta jangda esa mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan (5tasi nokaut bilan).