O‘tgan haftada avtomobil yo‘llarida jami 180 yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Natijada ushbu hodisalarda 27 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 177 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Bu haqda O‘zA Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Hafta davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 84977 qoidabuzarliklar aniqlangan. Ularning 40701 tasini qo‘pol qoidabuzarliklar tashkil etadi. Jumladan, 1568 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqargan, 11944 nafar haydovchi belgilangan tezlik talablarini buzgan, 1161 nafar haydovchi svetofor va chorrahalardan o‘tish qoidasiga amal qilmagan. Shuningdek, 12402 nafar haydovchi odam tashish qoidasini buzgani, 360 nafar haydovchi temir yo‘l kesishmalaridan o‘tishda qoidaga rioya qilmagani uchun to‘xtatildi va ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari transport vositasining oynalarini me’yoridan ortiqcha qoraytirgan 668, harakat vaqtida telefondan foydalangan 870 va xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangan 14 ming 946 nafar haydovchiga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rildi.