O‘zbekistonda kunning ma’lum vaqtlarida alkogol mahsulotlarini sotishni taqiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori ishlab chiqilmoqda, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida tungi vaqtlarda do‘konlar, kafe va restoranlarda spirtli ichimliklarni sotishga cheklov kiritishni topshirgan.

Chakana savdoda 21:00 dan, umumiy ovqatlanish muassasalarida va tantanali marosimlarni o‘tkazishda 23:00 dan keyin alkogol mahsulotlarini sotishni taqiqlash rejalashtirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasidagi axborot manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha shu vaqtgacha ishlab chiqilgan bo‘lib, uning «Aurum 898» tungi klubida taniqli sportchining o‘limi bilan tugagan hodisaga aloqasi yo‘q.

Suhbatdoshning ma’lum qilishicha, hujjat mast holatda sodir etilayotgan jinoyatlar darajasini pasaytirishga qaratilgan. IIV ma’lumotlaridan iqtibos keltirar ekan, u jinsiy zo‘ravonliklarning 25 foizi va qotilliklarning 16 foizi alkogol ta’sirida sodir etilganini ma’lum qildi.

Mamlakatning turli hududlarida spirtli ichimliklar sotish bilan shug‘ullanuvchi do‘kon sotuvchilarining ma’lum qilishicha, ular mahalliy hukumat organlaridan 21:00 dan keyin spirtli ichimliklarni sotish taqiqlangani haqidagi ogohlantirishni olib ulgurishdi.