Joriy yil 7 oyi mobaynida Toshkent viloyatida 15 turistik firma tashkil etildi. Angren shahar, Parkent va Yuqori Chirchiq tumanlarida 3 turizm axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Shu davrda 109,5 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilib, 72 turistik ob’ekt barpo etilgan. Bir million nafardan ziyod sayyohlar tashrifi kuzatilgan.

Ushbu ma’lumot viloyat turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi «Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etilgan muloqotda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda viloyatning har bir tuman va shahrida mehmon uylarini tashkil etish imkoniyatlari muhokama etilib, bu borada aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, shuningdek, turistik ob’ektlarda Wi-Fi zonasini tashkil etish, mobil aloqa sifatini oshirish yuzasidan zarur choralar belgilab olindi.