11 avgust kuni soat taxminan 4:40lar atrofida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mang‘it shahri Xalqlar do‘stligi va Buyuk Turon ko‘chalari kesishmasida joylashgan savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Amudaryo tuman YOXB boshlig‘i H.Matyoqubovning ma’lum qilishicha, ushbu manzilga o‘t o‘chirish mashinalari soat 4:43da yetib borib, ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in qurshab olinib, soat 06:28da to‘liq bartaraf etilgan hamda boshqa savdo do‘konlari va qo‘shni binolariga tarqalishining oldi olingan.

Yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagan. Ammo yong‘in 2 nafar tadbirkorga tegishli do‘kon binolarini qurshab olgani sabab 180 kvadrat metr binolardagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, jihozlar yonib ketgan.

Mazkur hodisa shu kuni yoqqan kuchli yomg‘ir va yuqori tezlikda esgan shamol tufayli elektr tarmoqlarida ro‘y bergan qisqa tutashuv oqibatida sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Yong‘in yetkazgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.