«Aurum 898» tungi klubining to‘rt nafar qo‘riqchisiga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Gazeta.uz"ga.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 8 avgust kuni taxminan 23:45 da 1-a-uyda joylashgan «Aurum» tungi klubi kirish eshigi oldida Jamshid Kenjayev «Aurum» tungi klubi qo‘riqchilari Sherali Ilyasov va Abdurasul Mirzayev bilan o‘zaro janjallashib, yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan Sh. Ilyasovga va A.Mirzayevga sanchib kesilgan tan jarohatlari yetkazgan.

Janjal davomida voqea joyida bo‘lgan «Aurum» tungi klubida qo‘riqlovchi yordamchi Sh.Qilichov fuqaro J.Kenjayevni qo‘lidan oshxona pichog‘ini tortib olib, unga sanchib kesilgan tan jarohatlari yetkazgan.

J.Kenjayevga qo‘riqchilar J.Yorqulov, S.Komoliddinov, A.Xamrayev va klub yonidagi boshqa bir nechta shaxslar ham qo‘llari, oyoqlari va yog‘och dastalari (bitalar) bilan urib, tan jarohatlari yetkazishgan.

J.Kenjayev «ko‘krak qafasi o‘ng tomon qo‘ltiq osti sohasi 4-qovurg‘asi, qorin oldi yon devori, ikkala dumbasi, bosh tepa sohasiga sanchilib kesilgan jarohatlari, tashqi qon ketishi, gemorragik shok 3-daraja» tashhisi bilan tumandagi 7-sonli shifoxonaga yotqizilib, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.

Holat yuzasidan 09.08.2018 yilda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Sh.Qilichovga nisbatan JKning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Tergov davomida Sh.Qilichov JKning 25,97-moddasi 1-qismi, S.Komoliddinov, J.Yorqulov va A.Xamrayevlar JKning 277-moddasi 2-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.