O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi saytida Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Surxondaryo viloyati suv resurslarini boshqarishni yaxshilash (Hazarbog‘-Oqqopchig‘ay kanallari tizimini qayta tiklash)» investitsiya loyihasini amalga oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2015 yil 7 apreldagi «Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Surxondaryo viloyati suv resurslarini boshqarishni yaxshilash (Hazarbog‘-Oqqopchig‘ay kanallari tizimini qayta tiklash)» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Surxondaryo viloyati suv resurslari boshqarilishini yaxshilash (Hazarbog‘-Okkopchig‘ay kanallari tizimini kayta kurish)» loyihasi doirasida (keyingi matnda-investitsion loyiha deb yuritiladi) irrigatsiya kanallarini qurish va qayta tiklashga to‘sqinlik qilayotgan 16716 dona Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtni istisno tariqasida haq to‘lamasdan kesish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hamda Surxondaryo viloyati xokimligining takliflari ma’qullansin.

2. Surxondaryo viloyati hokimligi (B.Pulatovga):

belgilangan tartibda investitsiya loyihasi doirasida irrigatsiya kanallarini qurish va qayta tiklashga to‘sqinlik qilayotgan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni istisno tariqasida kesganlik uchun to‘lov to‘lamasdan kesish bo‘yicha tegishli qarorini qabul qilinishini ta’minlasin;

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar kesilishi natijasida olinadigan yog‘och mahsulotlarini tayyorlov va savdo tashkilotlari orqali belgilangan tartibda realizatsiyasini ta’minlash yuzasidan tegishli chora tadbirlarni amalga oshirsin;

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni kesish vaqtida belgilangan talablarga rioya etilishi yuzasidan nazorat o‘rnatsin;

yog‘och mahsulotlarining realizatsiyasidan tushgan mablag‘larning 50 foizini mahalliy byudjetga viloyatda atrof muxitni muhofaza qilish tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun, qolgan 50 foizini Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga o‘tkazilishini ta’minlasin.