Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Indoneziyada o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlarida qatnashadigan yakuniy tarkibni e’lon qildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

57 yoshli mutaxassis o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoa hujumda ham, himoyada ham muvozanatni saqlashga harakat qilishini bildirdi.

«Biz reglament bo‘yicha 23 yoshdan kata bo‘lgan uch futbolchini olishimiz mumkin edi va milliy terma jamoadan futbolchi olish masalasini o‘ylab ko‘rdik. Ammo keyinchalik yoshlar terma jamoasiga yoshi tarkibdagilardan 7−8 yosh katta futbolchilarni qo‘shish noto‘g‘ri, degan qarorga keldik. Yosh futbolchilar yoshi kattalarga ishonib, bor mas’uliyatni ularga yuklab qo‘yishi mumkin. Shularni inobatga olib, tarkibga Masharipov, Aliboyev va Turg‘unboyevni (ularning barchasi 24 yoshda — tahr.) olishga qaror qildik»

Darvozabonlar: Botirali Ergashev («Navbahor»), Rahim Davronov («Mash’al»);

Himoyachilar: Dostonbek Tursunov («Neftchi»), Islom Qobilov («Bunyodkor»), Abbos Otaxonov («Metallurg»), Hojiakbar Alijonov («Paxtakor»), Rustam Ashurmatov («Bunyodkor»), Akrom Komilov («Bunyodkor»);

Yarimhimoyachilar: Odil Hamrobekov («Nasaf»), Javohir Sidiqov («Qo‘qon-1912»), Jasur Yaxshiboyev («Paxtakor»), Doniyor Narzullayev («Nasaf»), Jaloliddin Masharipov («Paxtakor»), Aziz Turg‘unboyev («Navbahor»), Xurshid G‘iyosov («Bunyodkor»), Ikrom Aliboyev («Lokomotiv»), Doston Hamdamov («Anji», Rossiya);

Hujumchilar: Zabihullo O‘rinboyev («Metallurg»), Bobir Abduxoliqov («Nasaf»), Andrey Sidorov («Neftchi»).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yanvarda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan edi.

Osiyo o‘yinlari 18 avgustdan 2 sentyabrga qadar Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkaziladi. O‘zbekiston delegatsiyadan sportning 30 turi bo‘yicha bahslarga kirishadigan 232 nafar atlet o‘rin olgan.