Mirzo Ulug‘bek metro bekati va Milliy stadioniyaqinidagi Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasidagi avtomobil yo‘l o‘tkazgichi ochildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni yangi qurib bitkazilgan ushbu ko‘prikni kelib ko‘rdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Endi Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab to‘xtovsiz va xavfsiz harakat ta’minlanadi. Yo‘l o‘tkazgichda transportlar 6 ta qatorda harakatlanadi.

Shuningdek, bu yerda 124 metrlik ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi qurilgan. Nogiron va keksalarga qulaylik yaratish maqsadida lift va eskalator o‘rnatilgan.

Davlat rahbari hududda amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Bunday inshootlarni qulaylik va xavfsizlik nuqtai nazaridan aql bilan loyihalashtirish, ularni sifatli va zamonaviy qilib qurish zarurligini ta’kidladi. Ushbu maydon va ko‘chalarda odamlarga qulayliklarni yanada oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini ham kirib ko‘rdi. Bog‘ni zamonaviy qilib qayta qurish, bu yerda ochiq va yopiq akvapark barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bog‘dagi bironta ham daraxt kesilmasligi kerakligini ta’kidladi.

Foto