Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustda «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda ishtirokini faollashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» 622-son qarori e’lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

6 ta ish yo‘nalishi belgilandi:

a) Axborotlashgan jamiyatni jadal shakllantirish.

Masalan, «raqamli iqtisodiyotga» o‘tish uchun veb-resurslar yaratiladi, shuningdek ularni tijoratlashtirish, tashkiliy, moddiy-texnik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘riladi;

b) Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan barqaror, tizimli muloqotini ta’minlash va axborot-kommunikativ aloqalarini kuchaytirish.

Masalan, nafaqat aholining keng qatlamlari o‘rtasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini keng muhokama qilish uchun Internet-maydonlar yaratiladi, balki jamoatchilikning qabul qilingan qarorlar to‘g‘risidagi fikrlari o‘rganiladi.

v) Kundalik hayotga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilish.

Masalan, telekommunikatsiyalar infratuzilmasi modernizatsiyalanadi, Internetga mamlakatning har bir hududidan kirish imkoniyatlarini «oxirgi mil» tamoyili asosida kengaytiriladi, multiservis aloqa tizimi, mobil aloqa bozori, shuningdek telekommunikatsiyalar, logistika va pochta xizmatlari rivojlantiriladi.

g) «Raqamli taraqqiyot», iqtisodiyot, ijtimoiy, sotsial va gumanitar sohalarni biznes va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida rivojlantirish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish.

Masalan, fuqarolar, biznes va davlatning global iqtisodiyot va raqobatda ishtirok etishi uchun platformalar va infratuzilmalar barpo etiladi.

d) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda mavjudligini ta’minlash, aholining axborotdan, raqamli texnologiyalardan foydalanish madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishni nazarda tutuvchi ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalarni rag‘batlantirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

Masalan, davlat xizmatchilari uchun strategik va loyihaviy boshqaruv, menejment, marketing, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari bo‘yicha kurslar tashkil etiladi.

ye) global virtual va raqamli makonni shakllantirish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro axborot makonida O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish, mamlakatning milliy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish.

Masalan, O‘zbekistonning milliy brendi jahon axborot makoniga olib chiqiladi va «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» virtual ko‘rgazmalari tashkil etiladi.


https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/boshqaruv_organlarining_virtual_makonda_ishtiroki_faollashtiriladi