O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi kadrlar tarkibini yangilamoqda, deya xabar qildi DSQ matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.
Qo‘mita markaziy apparatida boshqarmalarning 14 nafar rahbari o‘zgartirildi. 85 xodim mas’ul lavozimlarga tayinlandi.

Xabar qilinishicha, Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari soliq xizmatlari organlarida korrupsion holatlarga barham berish maqsadida bekor qilindi.
DSQ my.soliq.uz veb-portalida kadrlar tanlovi haqida e’lon qildi. Nomzodlarga quyidagi talablar qo‘yildi: oliy ma’lumot, biznes-tahlil, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uslublaridan xabardorlik va soliq organlarida innovatsion g‘oyalarini joriy etishga ishtiyoq.

1605 kishi ariza topshirdi, ularning 86 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni tashkil etsa, o‘rtacha yosh 30−40 ni tashkil etadi.
Ishga joylashish haqida eng ko‘p arizalar Toshkent (17,6 foiz), Andijon (16,1 foiz), Qashqadaryo (10,8 foiz) va Samarqand (8,1 foiz) viloyatlaridan kelib tushdi.

Adolat va shaffoflik tamoyillari asosida bo‘lg‘usi soliq organlari xodimlarini saralash uchun Davlat soliq qo‘mitasida maxsus respublika ishchi guruhi tashkil etildi.