O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi, deyiladi Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalida.

Qarorga muvofiq, majburiy maktab dasturlari doirasida 150 ta maktabda tajriba tariqasida shaxmatga o‘qitish tashkil qilinadi.

Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tasarrufiga berildi.

2018 yil 1 sentyabrdan boshlab mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha shaxmat klublari hamda shaxmatga o‘qitish va tayyorlashni amalga oshiruvchi boshqa sport muassasalari majburiy akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Xalq ta’limi vazirligiga 2018 yil 20 avgustga qadar maktablarida shaxmatga o‘qitish bo‘yicha ta’lim dasturlarini tasdiqlash vazifasi yuklandi.