O‘zbekiston prezidentining 8 avgustdagi farmoni bilan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiya bilan qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish barqarorligini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini takomillashtirish, norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, norma ijodkorligida «aqlli tartibga solish» modeli elementlarini qo‘llash, norma ijodkorligi faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, ushbu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan kamchiliklar turli sohalardagi ijtimoiy munosabatlarni tarqoq holda tartibga solish salbiy amaliyotining davom etishiga olib kelmoqda, bu esa huquqiy kolliziyalar, huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Bugungi kun voqeligi tizimli muammolarga tezkorlik bilan munosabat bildirishni talab qiladi, ularning yechimlari yo‘qligi mamlakatda olib borilayotgan islohotlarda aks etmoqda. Biroq, bu borada qo‘llanilayotgan norma ijodkorligi yondashuvi qonun hujjatlarining mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlariga ta’sirini baholash zaruriyatini hisobga olmayapti hamda jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda fuqarolarning hayoti va farovonligini yaxshilashga doir vazifalarga erishishni ta’minlamayapti, deyiladi farmonda.

Hujjat bilan Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasining quyidagi tartibni belgilash to‘g‘risidagi takliflari qabul qilindi:

  • davlat organlari tomonidan qonunlarni, O‘zbekiston prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish tashabbusiga faqatgina ushbu organlarning ko‘tarilayotgan masalalar yoki muammolarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan amaldagi normalar va ma’muriy tartib-taomillar orqali hal qilish vakolati bo‘lmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi;
  • qonunlarni, O‘zbekiston prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini qo‘llash, ular kuchga kirgan paytdan e’tiboran ijrosini tashkil etish yuzasidan qo‘shimcha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilishga doir majburiyatlar yuklatilmagan holda amalga oshiriladi;
  • qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari qonun loyihasini Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish chog‘ida unga, qoida tariqasida, qonun va qonunosti hujjatlarini takomillashtirish, tashkiliy-texnik choralarni amalga oshirish, shuningdek, qonun loyihasini keng ko‘lamda tarqatish hamda uning mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha masalalarni o‘z ichiga olgan qonun loyihasini amalga oshirishga doir tadbirlar rejasini ilova qiladi. Bunda, tadbirlar rejasi qonun Oliy Majlisning Senati tomonidan ma’qullash bilan bir vaqtda Oliy Majlisning palatalari tomonidan uning ijrosi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlagan holda tasdiqlanadi;
  • O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlarida ular qabul qilinganidan keyin alohida tadbirlar va nazorat rejalarini, shuningdek, «yo‘l xaritalari"ni qo‘shimcha tarzda tasdiqlamagan holda aniq topshiriqlar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilovchi normalar, muddatlar va mas’ul ijrochilar majburiy ravishda nazarda tutiladi;
  • yangi idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi aynan bir xil yuridik kuchga ega hujjatni bekor qilish bilan bir vaqtda yoki unga taklif etiladigan o‘zgartishlar kiritish orqali, shu jumladan, uni yangi tahrirda bayon etgan holda amalga oshirilishi lozim.

Adliya vazirligi taklifi bilan 2019 yil 1 yanvardan e’tiboran quyidagilar tugatiladi:

davlat organlari va tashkilotlarining «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi», «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari to‘plami» va «O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami"ga obuna bo‘lish;

«O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi», «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari to‘plami», «O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami"ni ularni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga (www.lex.uz) o‘tkazgan holda nashr etish, bundan arxivlarda, axborot-resurs markazlarida saqlash uchun, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar talablariga ko‘ra tayyorlanadigan nusxalar mustasno.

Farmon bilan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligida komissiya tuzilib, bir oy muddatda qonunchilik bazasini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va normativ-huquqiy hujjatlarni quyidagilar asosida qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi:

  • aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi (saylov tizimi, arxitektura va qurilish, ta’lim, investitsiyalar, tadbirkorlik faoliyati va boshqalar) normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish;
  • amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiq holda ijtimoiy munosabatlarni normativ-huquqiy hujjatlar bilan amaliy va samarali tartibga solish;
  • normativ-huquqiy hujjatlar darajasida mustahkamlash talab etiladigan yuqori yuridik kuchga ega normalarni belgilash;
  • idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish;
  • umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;
  • asossiz cheklovlar, ortiqcha ma’muriy tartib taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlarining mavjudligi.

So‘ngra idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar normalarini yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qonun hujjatlariga o‘tkazish va «tartibga solish gilotinasi» usulini qo‘llash orqali qolgan hujjatlarni, shu jumladan, qonunchilikni tizimlashtirish doirasida har bir idoraning vakolatini bosqichma-bosqich kamaytirish va bekor qilishni nazarda tutuvchi, ular tomonidan qabul qilinayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning aniq ro‘yxatini belgilash bo‘yicha taklif kiritilishi lozim.

Kelgusi yilga qadar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini ishlab chiqish va sinov tariqasida ishga tushirish topshirildi. Qo‘shimcha ravishda Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi tizimini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.