Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizom (2018 yil 7 avgust kuni 3048-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

2018 yil 9 noyabrdan bozorlar, savdo majmualari va boshqa ob’ektlar hududlaridagi barcha to‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning transport vositalari to‘xtab turishi uchun kamida 5 foiz joy ajratish talab etiladi. Bunday joylar soni 2 tadan kam bo‘lmasligi kerak.

Bunday joylarning o‘lchamlariga talablar belgilandi. Avtomobil:

harakat yo‘nalishiga burchak ostida qo‘yilganda — eni 3,5 m, uzunligi esa 5 m;

harakat yo‘nalishiga parallel qo‘yilganda — eni 2,5 m, uzunligi 7 m.

Nogironlarning transporti uchun joylar to‘xtab turish joyining kirish va chiqish qulay bo‘lgan qismida, ko‘p qavatli to‘xtash joylarida esa — birinchi va boshqa qavatlarda liftga yaqin joylarda joylashgan bo‘lishi kerak. Bunda har bir joydagi tegishli yo‘l belgilari va chiziqlar haydovchiga yaxshi ko‘rinadigan bo‘lishi zarur (quyiga qarang).

Bundan tashqari, to‘xtab turish joyi infratuzilma ob’ektlaridan (sog‘liqni saqlash muassasalari, sport-sog‘lomlashtirish majmualari, ijtimoiy ob’ektlar va b.) uzoqda joylashgan bo‘lsa, ular atrofida nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransporti to‘xtab turish joylari tashkil etiladi.

Bunday joylardan foydalanganlik uchun nogironligi bo‘lgan shaxslardan haq olinmaydi, ya’ni to‘xtab turish joyi — mutlaqo bepul. Bunda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar oldida — nogironlikni tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma, 16 yoshgacha nogiron bolasi bo‘lgan ota-onalarda esa bola uchun nogironlik pensiyasi tayinlanganligi haqidagi pensiya guvohnomasi bo‘lishi kerak.

Ma’lumot uchun: Yo‘l harakati qoidalarining 92-bandiga muvofiq, 5.15 va 7.17 yo‘l belgilari yoki 1.24 yo‘l chizig‘ining (yuqoriga qarang) birgalikdagi ta’siri doirasida to‘xtab turish taqiqlanadi. Mazkur qoidani buzganlik uchun MJTKning 128−6-moddasi (transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi) bo‘yicha ma’muriy javobgarlik yuzaga keladi. Qoidabuzarlik takror sodir etilishiga qarab jarima miqdori 3 EKIHdan 15 EKIHgacha tashkil etishi mumkin.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.11.2018 yildan kuchga kiradi.