7 avgust kuni Jakartada Indoneziya OTMlari uyushmasi, Gunadarma universiteti, mazkur mamlakatdagi qator tijoriy tuzilmalar va O‘zbekiston elchixonasi ishtirokida Indoneziya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi xabar qildi.

Do‘stlik jamiyati faoliyati doirasida turizmni rivojlantirish, ilm-fan, madaniyat va san’at sohalaridagi munosabatlarni mustahkamlash, iqtisodiy forumlar o‘tkazishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish belgilangan.

Jamiyatni tashkil etishga bag‘ishlangan tadbir Gunadarma universiteti tashkil etilganining 37 yilligini nishonlash doirasida bo‘lib o‘tdi. Universitet rektori Eko Shri Margianti Indoneziya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati ikki mamlakat xalqlarining yaqinlashuvida muhim rol o‘ynashiga ishonch bildirdi.

«So‘nggi sakkiz yilda universitetimiz o‘zbek hamkorlar bilan faol aloqalarni yo‘lga qo‘ydi, bir necha marta xalqaro seminarlar, qo‘shma izlanishlar o‘tkazildi», — dedi u.

Gunadarma universitetiga 1981 yilda tashkil etilgan. Ayni paytda universitetda 42 mingdan oshiq talaba tahsil oladi. Indoneziya bo‘ylab 15 dan ziyod filiallari mavjud.

Gunadarma universiteti O‘zbekistonda Milliy universitet, O‘zDJTU, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Samarqand chet tillar instituti va boshqa OTMlar bilan hamkorlik qiladi.