O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari Samarqand viloyatida abituriyentlarga OTMlarga kirish imtihonlari vaqtida yordam berishga harakat qilgan guruhni qo‘lga oldi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi mediamarkaz xabar qildi.

Guruh a’zolaridan biri Ma’ruf Nurmurodov navbatdagi abituriyentni Samarqand arxitektura va qurilish institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3000 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlandi. Guruhga Samarqand chet tillari instituti talabasi Abror Akramjonov tomonidan asos solingan.

«Guruhning har bir a’zosining o‘ziga yarasha aniq vazifalari belgilab beriladi. Uchqun Avezov test savollarini yechib beradigan bilimli yigit-qizlarni topish bilan shug‘ullansa, boshqa a’zolar — Ma’ruf Nurmurodov va Mirjamol Ergashev esa puli ko‘p abituriyentlarni izlash bilan mashg‘ul bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Aniqlanishicha, jinoiy guruh o‘z faoliyatida turli usullardan foydalanib kelgan. Bir qarashda oddiy: imtihonlarga aynan abituriyentga o‘xshash, bilimi bor, deb hisoblangan shaxs topilgan va u kirib test savollarini yechib bergan. Agarda buning sira iloji bo‘lmasa, unda hufyona aloqa vositasidan foydalanilgan.

Olib borilgan tergov oldi tekshiruv harakatlari davomida fuqaro Ma’ruf Nurmurodov ijaraga olib yashayotgan xonadondan 97 ta pasport nusxasi va fotosuratlar, 13 ta abituriyentning qayd etish varaqasi, hujjatlarni topshirganlik haqidagi tilxatlar, 23 dona fuqarolik pasporti va abituriyentlar ruxsatnomalarining asl nusxalari topilgan. Abror Akramjonov yashayotgan uy ko‘zdan kechirilganda 14 ta pasport nusxasi va fotosuratlar, DTM ruxsatnomalari va boshqa hujjatlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

7 avgust kuni yuqoridagi holatlar yuzasidan Abror Akramjonov, Ma’ruf Nurmurodov, Mirjamol Ergashev, Uchqun Avezov va boshqalarga nisbatan JKning 168-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.