O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi iaqdim etgan ma’lumotgaga ko‘ra, o‘tgan haftada (30 iyuldan 5 avgustgacha) respublikamiz avtomobil yo‘llarida jami 160 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Ushbu hodisalarda 44 nafar fuqaro halok bo‘lib, 142 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Hafta davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 86171 ta qoidabuzarliklar aniqlanib, bu qoidabuzarliklarning 40362 tasini qo‘pol qoidabuzarliklar tashkil etadi.

Jumladan, 1596 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqarganligi, 11916 nafar haydovchi belgilangan tezlik talablarini buzganligi, 1168 nafar haydovchi svetoforning taqiqlovchi ishorasiga rioya etmasdan chorrahalardan o‘tish qoidasini buzganligi, 11827 nafar haydovchi odam tashish qoidasini buzganligi, 254 nafar haydovchi temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish qoidasini buzganligi uchun to‘xtatildi va ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, transport vositasi oynalarini me’yoridan ortiqcha qoraytirgan 679 nafar, harakat vaqtida telefondan foydalangan 908 nafar va xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangan 15416 nafar haydovchiga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rildi.