Namangan viloyatining Yangqiqo‘rg‘on tumanidagi Qizilqiyoq mahallasida shu yil 1 avgust kuni yo‘l transport hodisasi ro‘y berdi. Qorapolvon mahallasida yashovchi D. M. «Moskvich-412» rusumli mashinasini ushbu mahalla hududida haydab ketayotib, boshqaruvni uddalay olmay, yo‘lni kesib o‘tayotgan Shahnoza Umurzoqova va uning qizi Sojida Sohibjonovani urib yubordi. Bu haqda namnews.uz sayti Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi matuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Ona-bola o‘sha zahoti kasalxonaga keltirildi, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, hayotdan ko‘z yumishdi. Shahnoza Umurzoqova 25 yoshda, uning qizi esa hali bir yoshga ham to‘lmagan edi.

Qizilqiyoq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Asqarali Rahimovning aytishiga qaraganda, bu hududda ikki yil ichida avtohalokat oqibatida ro‘y bergan o‘ninchi o‘lim holatidir. O‘tgan 2017 yili yuz bergan 6 ta avtohalokatda 7 kishi halok bo‘ldi, bu yil esa 2 ta shunday baxtsiz hodisa oqibatida 3 kishi vafot etdi.

«Bunday fojialar ko‘p bo‘layotgani uchun 4-umumta’lim maktabi ko‘chasidan chiqish joyiga svetofor o‘rnatib berishlarini so‘rab, Yangqiqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi hamda Namangan viloyati IIB idorasiga murojaat qilgandik. Afsuski, bu masala hozirgacha hal bo‘lgani yo‘q», deydi Asqarali Rahimov.

«Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir svetoforning o‘rnatilishi 70 million so‘m ketar ekan. To‘g‘ri, mablag‘ni avval topish, so‘ng talab qilingan joyga sarflash lozim. Biroq inson hayoti hamma narsadan ustun-ku. Ikki yil ichidagi 10 ta o‘lim holati barchani hushyorlikka chaqirishi, zudlik bilan zarur choralar ko‘rishga undashi lozim emasmi», — deyiladi xabarda.