Davlat soliq qo‘mitasi xodimlarning bilimini oshirish va qayta tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamdagi tadbirlar dasturini ishlab chiqdi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Unga ko‘ra, malakali mutaxassislar va zamonaviy ekspertlar bevosita joylarda 10 ming nafardan ortiq soliq xodimlari bilan aniq grafiklar asosida o‘quv mashg‘ulotlarini olib boradi.

Mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor, soliq qonunchiligi buzilishidan oldin soliq to‘lovchilar orasida profilaktik ishlarni olib borish va soliqlarni to‘lashdan qochish «sxema"larini aniqlashga qaratiladi.

Buning uchun har bir nazorat yo‘nalishi, jumladan, profilaktik tadbirlar, masofaviy nazorat, korxonalarning xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tekshirish o‘tkazish, soliq to‘lovchilarning pasportini tuzish, xronometraj va ko‘zdan kechirish natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha alohida mavzular, uslubiy qo‘llanmalar, tuziladigan hujjatlardan nusxalar, ko‘rsatmali hamda tarqatma materiallar tayyorlangan.

Shuningdek, o‘quv jarayonida kasbiy mahorati bilan birga xodimlarning soliq to‘lovchilar bilan muloqot qilish madaniyatiga o‘rgatish bo‘yicha psixologik treninglar o‘tkaziladi.

O‘quv kurslari yakunida xodimlar test sinovlaridan o‘tadi va keyingi faoliyatini samarali tashkil etishi uchun tavsiyalar beriladi.