O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, Qurolli Kuchlar tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samardorligini oshirish bo‘yicha alohida konsepsiya ishlab chiqilib, unda belgilangan ishlarni amalga oshirish yuzasidan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Haftaning har juma kuni «Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni» etib belgilandi.

Harbiy xizmatchilar va yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirishga katta ta’sir ko‘rsatgan ishlari va yutuqlari uchun «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi» ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga ikki oylik muddatda ko‘krak nishoni Nizomini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy-vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash organlari negizida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari tashkil etildi.

Brigadalarda (ularga tenglashtirilgan harbiy qismlarda) va alohida batalonlarda «harbiy psixolog» (ofitser) lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, harbiy okruglar boshqaruv apparatlarida «psixolog», «yetakchi sotsiolog», brigadalarda va alohida batalonlarda «harbiy qism komandirining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi — Madaniyat markazi boshlig‘i» (Qurolli Kuchlar xizmatchisi) lavozimlari joriy etilib, ularga qo‘shimcha ustama pul to‘lanishi belgilandi.

2018−2019 o‘quv yilidan boshlab Qurolli Kuchlar akademiyasi umumqo‘shin fakulteti bazasida qo‘shimcha «Qo‘mondonlik-taktik tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar» mutaxassisligi bo‘yicha ofitserlar tayyorlash ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimidagi mavjud ofitserlar uylari Ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylantirilib, markaz huzurida «Turon» teatr studiyasi tashkil etiladi.