2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun 2 yillik ruxsatnoma stikerini (ovir) rasmiylashtirish bekor qilinadi va 10 yil muddatga amal qilinuvchi xorijga chiqish pasporti joriy etiladi. Bu prezidentning o‘tgan yil avgustidagi farmonidan ko‘zda tutilgan edi.

Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqishi bo‘yicha yangi tartiblarni tasdiqlovchi prezident qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Hujjatda mamlakat fuqarolarining ikkita biometrik pasporti bo‘lishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, biri milliy (O‘zbekiston fuqaroligi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat), ikkinchisi — xorijga chiqish (xorijga chiqqan vaqtda O‘zbekiston fuqaroligi va shaxsni tasdiqlash uchun ingliz tilidagi hujjat).

Bundan tashqari, fuqaroning yagona identifikatsion raqami, uning shaxsiy ma’lumotlari o‘z ichiga olgan va davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni tasdiqlashda foydalanishga mo‘ljallangan identifikatsion elektron kartani (ID-karta) joriy etish taklif qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartiblari to‘g‘risidagi Nizom mamlakat fuqarolari xorijga erkin chiqish huquqiga ega ekanini o‘zida ifoda etadi.

Xorijda doimiy yashab, konsullik hisobida doimiy turuvchi O‘zbekiston fuqarolari uchun xorijga chiqish pasporti O‘zbekiston hududida bo‘lib turgan vaqtda shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi va mamlakat hududida notarial harakatlarni olib borish uchun kuchga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston hududida xorijga chiqish pasporti 10 ish kunida berilishi lozim. Xorijda esa bu diplomatik pochta yo‘nalishi jadvaliga bog‘liq.

Shoshilinch davolash, og‘ir kasallik va yaqin qarindoshlar o‘limini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lib, xorijga chiqishga cheklovlar bo‘lmagan taqdirda, pasport 5 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga berilishi lozim.

Nizomda xorijga chiqish pasportini berishni rad etish uchun asoslar ro‘yxatini kiritish taklif qilinmoqda. Murojaatni ko‘rib chiqish rad etilganda yoki muddatlar asossiz uzaytirilganda yuqori organ yoki sudga shikoyat qilish mumkin.