Ravshan Ayubovich G‘ulomov O‘zbekiston Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimini tark etdi, deya xabar qilindi «Gazeta.uz"ga sobiq rais qabulxonasidan.

Ravshan G‘ulomov (1968 y. t.) Davlat raqobat qo‘mitasiga 2017 yil aprelidan rahbarlik qilib kelayotgan edi. Toshkent davlat universiteti (1992) va Avstraliya milliy universiteti (1998) bitiruvchisi.

1992−2004 yillarda Markaziy bankda ishlagan, 2001 yildan MB raisi o‘rinbosari bo‘lgan. 2004−2007 yillarda O‘zbekiston Milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari va «Asaka» banki boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritgan. 2007−2016 yillarda moliya vazirining birinchi o‘rinbosari, Iqtisodiyot vaziri (2010−2012), Tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo va investitsiya vaziri birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori bo‘lib ishlagan.

«Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi ma’lumotiga ko‘ra, Ravshan G‘ulomov Vazirlar Mahkamasining makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish, moliya va bank tizimini isloh qilish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamentiga rahbar bo‘ldi.