2018 yilning 1−7-avgust kunlari Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha ikki mamlakat Hukumati delegatsiyalari ishchi guruhlarining muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv chog‘ida dala tekshiruvlarining yakunlari ko‘rib chiqildi va davlat chegarasinining qolgan uchastkalarini bayon qilish davom ettirildi.

Mazkur muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasining Farg‘ona viloyati bilan Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati tutashgan hududidagi ikkita uchastka (Shohimardon va G‘aznov) bayon qilindi.

Muzokaralar yakunida Bayonnoma imzolandi. Unda O‘zbekistonning Farg‘ona va Namangan viloyatlari bilan Qirg‘izistonning Botken va Jalolobod viloyatlari tutashgan hududlarda joylashgan ikki davlat chegarasining qolgan uchastkalarida dala tekshiruvlarini o‘tkazish sanalari ham kelishib olindi.