Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

O‘zgartirish bilan tarbiyalanuvchini bog‘chaga olib kelishi va olib ketishi lozim bo‘lgan shaxslar toifasi kengaytirildi.

Ilgarigi tartibga ko‘ra, tarbiyalanuvchining ota-onasi va uning o‘rnini bosuvchi shaxslargina bolani bog‘chaga olib kelib, undan olib ketish huquqiga ega edi.

Ushbu toifaga endilikda ular bilan bir qatorda ota-onaning voyaga yetgan farzandlari, bolaning bobosi, buvisi yoki ota-ona tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan vakil ham kiritildi.