8 avgust kuni Xalqaro press-klubda bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi strategik vazifalarga bag‘ishlangan maxsus sessiya tashkil qildi.

Sessiyada Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati va qo‘mita tarkibiy tuzilmalari boshliqlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Bojxona xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan tadbirlar va bojxona ko‘riklari natijasida jami 5215 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, 69,9 mlrd. so‘mlik tovarlar olib qo‘yildi. Aniqlangan huquqbuzarliklarning 230 ta holati yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Joriy yilda tovarlarni soxta kuzatuv hujjatlari asosida chegaradan olib o‘tish va rasmiylashtirish bilan shug‘ullangan 20 ta TIF qatnashchilarining jinoiy faoliyati fosh etilib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jami 135,2 mlrd so‘mga yaqin qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi. Bundan tashqari, 60 ta TIF qatnashchilari tomonidan 24,5 mlrd. so‘mlik bojxona imtiyozlaridan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 23,9 kg. giyohvandlik vositalari, 567 dona psixotrop moddalar, 22 dona o‘qotar qurol, 202 dona jangovar o‘q-dori, 4421 dona diniy mazmundagi, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi materiallar huquqbuzarlardan olindi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilinib, import boji va aksiz solig‘i stavkalari unifikatsiya qilindi va ular 2019 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritilishi belgilandi.

Jumladan, jami 11 295 tovar pozitsiyasidan 3 410 tasi bo‘yicha bojxona boji stavkalari tushirilib, 8 166 (bundan oldingi ko‘rsatkich 6 240) ta tovar pozitsiyasi uchun bojxona boji 0 stavka miqdorida belgilandi. Bojxona boji stavkasini o‘rtacha arifmetik hisobi amaldagi qaror buyicha 6,45 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yangi qabul qilingan qaror bo‘yicha 4,07 foizni tashkil etib, 1,5 barobarga kamaygan.

Aksiz solig‘iga tortiladigan jami 1 530 ta tovar pozitsiyalaridan 778 tasiga aksiz solig‘i stavkasi 0 stavka miqdorida belgilandi (qisqarish 1,9 barobar), 752 ta tovar pozitsiyalari bo‘yicha 5 foizdan 70 foizgacha bo‘lgan stavkalar yanada qisqartirildi.

Shu bilan birga, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlabchegara bojxona postlarida bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati o‘tkazilganda veterinar, fitosanitar, ekologik va sanitar-epidemiologik nazorat ham amalga oshirilishi;

iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a’zo davlatlarning akkreditatsiyadan o‘tgan organlari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari berilgan, O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan majburiy muvofiqlik sertifikatlashtirishni amalga oshirish talab etilmasligi;

tovarlarni «erkin muomalaga chiqarish (import)» rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun davlat tilida majburiy markirovka qilish talab etilmasligi nazarda tutilgan.

2018 yil davomida tovarlarni bojxona ko‘rigini tanlab tekshirish prinsipiga rioya etgan holda xavfni boshqarish tizimi to‘liq ishga tushadi.

Ushbu tizimga ko‘ra, eksport-import qilinayotgan tovarlar faqat dastlabki bojxona rejimiga rasmiylashtirish vaqtida xavfni boshqarish tizimini qo‘llash asosida tanlab tekshirish prinsipiga rioya etgan holda bojxona ko‘rigi o‘tkaziladi.

Xavfni boshqarish tizimida tovarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish kerakligi to‘g‘risidagi qarorni tadbirkorlik sub’ektining xalolligiga qarab, avtomatlashtirilgan dasturdagi axborotlar asosida qabul qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni sub’ektiv yondashuvdan voz kechiladi.

2018 yil 1 sentyabrdan Davlat bojxona qo‘mitasining veb-saytida tovarlarning bojxona chegarasi orqali harakati rejimini tartibga soluvchi barcha normativ hujjatlar, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur bo‘lgan hujjatlar, har bir tovarga mos ravishda bojxona bojlari stavkalari, ushbu hujjatlarni beruvchi organlar to‘g‘risidagi batafsil axborotni, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun boshqa ma’lumotlarni real vaqt rejimida bepul asosda olish imkonini beradigan «Integratsiyalashgan tarif» interaktiv xizmati joriy etilishi, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat amalga oshirilganda davlat organlariga «Integratsiyalashgan tarif» interaktiv xizmatida nazarda tutilmagan ma’lumot va hujjatlarni talab qilish man etilishi belgilab qo‘yildi.

Ayni paytda 2018 yil 1 noyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda.