18 avgust kuni Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII Osiyo o‘yinlari start oladi. 7 avgust kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida ushbu musobaqada ishtirok etadigan sportchilarimizni rasmiy kuzatish marosimi tashkil etildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezident devoni mas’ul xodimi Zafar Bakiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov, yetakchi sportchilar, sport federatsiyalari vakillari va ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ham so‘zga chiqib, sportchilarga omad tiladi.

Shundan so‘ng Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun eksklyuziv tarzda ishlab chiqarilgan sport liboslari haqida gapirdi.

«Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasiga chet el kompaniyalari tomonidan qiziqish bu darajada bo‘ladi deb o‘ylamagandik. Sport ekipirovkalari bo‘yicha chet el kompaniyalari bizga taklif bilan chiqishdi. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xitoyning „QIERTE Co. Ltd“ kompaniyasi tomonidan PRES-JOG brendi ostidagi sport liboslarini tanladi. Ekipirovkalarni tanlashda Indoneziyaning subtropik iqlimi, u yerning yomg‘irli ob-havosi hisobga olindi. Umid qilamanki, ushbu liboslar biz uchun omadli bo‘ladi», — dedi Jasur Matchanov.

So‘ngra Aziz Abduhakimov delegatsiya bayroqdori Isroil Madrimovga tantanali ravishda O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘ini topshirdi.

Tadbir davomida shuningdek, Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov so‘zga chiqib, oldinda turgan musobaqa nihoyatda mas’uliyatli ekanligi haqida gapirdi.

Eslatib o‘tamiz, 18 avgust kuni boshlanadigan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini 232 nafar sportchi 30 ta sport turi bo‘yicha himoya qiladi.