Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar xususida batafsil axborot berildi. Bu haqda «O‘zbekiston ovozi» gazetasi saytida xabar tarqatildi.

Qo‘mita o‘tgan vaqt davomida besh marta majlis o‘tkazgan. Ularda qo‘mita vakolatlariga taalluqli 18 masala, byudjet, moliya sohasi va iqtisodiy islohotlarga doir 3 qonun ko‘rib chiqilgan. «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi, «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida"gi qonunlar shular jumlasidan.

Qo‘mita a’zolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning 8725 murojaati ko‘rib chiqildi. Ularda ko‘tarilgan masalalarni hal qilish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga senatorlarning 40 murojaati yuborildi. Yillar davomida yig‘ilib qolgan ko‘plab muammolar hal etildi.

Umuman olganda, Senatda va joylarda 3500 qabul amalga oshirildi. Qo‘mitada doimiy asosda ishlovchi senatorlar tomonidan 79 nafar fuqaro qabul qilindi.

Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi ham 2018 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, mart va iyun oylarida o‘tkazilgan Senatning yalpi majlisiga tayyorgarlik jarayonida Qo‘mita tomonidan qator masalalar o‘rganildi va ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi. Xususan, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti, Adliya vazirining huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqidagi axboroti eshitildi.

Qo‘mita tomonidan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi, «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun mart oyida o‘tkazilgan yalpi majlis muhokamasiga kiritildi.

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisini o‘tkazish doirasida Qo‘mita tomonidan Respublika Bosh prokurori hamda prokuratura organlarining 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti dastlabki tarzda eshitildi. «Mediatsiya to‘g‘risida"gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun ­hujjatlariga o‘zgartish va қў­шимчалар kiritish to‘g‘risida"gi qonunlar ko‘rib chiqish uchun tayyorlandi.

Ta’kidlash kerakki, Qo‘mita tomonidan xalq bilan muloqotni qo‘llab-quvvatlashga, saylovchilar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratildi. Saylovchilar bilan 384 uchrashuv o‘tkazilib, 638 nafar fuqaro qabul qilindi va 5342 yozma murojaat ko‘rib chiqildi. Ularning aksariyati nazoratga olindi.

Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi negizida alohida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.

Qayd etildiki, yalpi majlisga tayyorgarlik doirasida Қў­мита tomonidan «Davlat mukofotlari to‘g‘risida"gi, «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida"gi qonunlar birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. «Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunning Sirdaryo viloyatidagi ijrosi o‘rganildi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi. Bu o‘rta maktablarda ta’lim jarayonini tashkil etish sifatini yaxshilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan tizimli foydalanish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni, moddiy-texnik ta’minotni mustahkamlash, kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonunining davlat nazorat organlari tomonidan ijro etilishini o‘rganish davomida qator muammolar aniqlandi. 20 yil avval qabul qilingan mazkur hujjat zamon talablariga javob bermaydi, degan xulosa berildi. Mazkur masala yuzasidan hukumat huzurida Oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Qo‘mita tibbiyot xodimlarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, tibbiyot xodimlari zimmasiga me’yordan ortiq vazifalar yuklanishi, tibbiyot muassasalarida ish o‘rinlari qisqartirilishi, xodimlarni o‘z faoliyatidan tashqari mavsumiy ishlarga jalb etilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi. «Tibbiyot xodimlarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarurligi haqida taklif tayyorlandi va hukumatga kiritildi.

Qo‘mita tomonidan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruh davlat va jamoat tashkilotlari ishtirokida uchrashuv, davra suhbati va tashviqot tadbirlari o‘tkazdi.

Fuqarolardan tushgan 4675 murojaatning 20 foizi bevosita Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqildi. 321 tasi nazoratga olindi, 46 foizi ijobiy hal etildi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazorat tadbirlari doirasida Ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi, shuningdek, BMTning qiynoq hamda muomala va jazolashning o‘ta shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi Konvensiyasi qoidalarining amalga oshirilishi bo‘yicha vazir o‘rinbosarining axboroti eshitildi.

Qo‘mitaning ish rejasiga muvofiq «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi Qonunning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatga oid qismi ijrosi hamda yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi holati o‘rganib chiqildi. Unga ko‘ra, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi holati yuzasidan Bosh vazirga parlament so‘rovi yuborildi.

Qonunlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga keng tushuntirish, ularni davlat dasturlari ijro etilishi bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlardan xabardor qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali senatorlar 860 dan ortiq chiqish qildi. 7224 nafar fuqaro qabul qilindi. Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni o‘rganish va hal etish maqsadida Qo‘mita a’zolari 238 uchrashuv o‘tkazdi.

Qo‘mitaga yuridik va jismoniy shaxslardan 4030 murojaat bo‘ldi. Ularda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga 50 dan ortiq senator so‘rovi yuborildi.

Qo‘mitalar raislari yil yakuniga qadar rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berdi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘z savollariga batafsil javob olishdi.