Xalq deputatlari Nishon tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Qashqadaryo» gazetasi saytida xabar berildi.

Unda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev so‘zga chiqib, tuman salohiyati, iqtisodiy imkoniyatlari, keyingi yillarda xalq xo‘jaligining turli jabhalarida erishilgan yutuqlar hamda yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va yechimini kutayotgan muammolar haqida fikr bildirdi. Bu xususda mutasaddilarning fikrini eshitdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Hayitmurodov Muxtor Qo‘ldoshevich Nishon tumani hokimi etib tasdiqlandi.

2016 yildan buyon tumanni boshqarib kelgan Jurayev Asror Rustamovich esa vazifasidan ozod etildi.

Ma’lumot o‘rnida, Muxtor Hayitmurodov ilgari ham ushbu lavozimda ishlagan, 2012−2016 yillarda Nishon tumaniga rahbarlik qilgan. 2016 yildan shu vaqtga qadar esa viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.